Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella 10 noyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.
Bu yerda oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga e’tibor qaratgan kishi mana shu zalvorli o‘tmishning badiiy ifodasiga guvoh bo‘ladi. Mehmonga majmuada ifodalangan ana shu tarix, uning mazmuni haqida so‘zlab berildi.
Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qo‘yish an’anaga aylangan.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi. Tinchlik, erkinlik, ezgulik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasviri majmuaning bamisoli gultojiday ko‘rinishi e’tirof etildi.
Ona Vatan, mard, mehnatkash va qahramon xalqimiz sharafiga qo‘yilgan bu majmua hamisha gavjum.
Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA