O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Qozog‘iston Bosh vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajada erishilgan, shu jumladan tovar ayirboshlashni oshirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika loyihalarini ilgari surish borasidagi kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning samarali ishini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.