Poytaxtimizda o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida 9 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki tomonlama savdoda o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.

Ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi, logistikada o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Eron rahbarlari madaniy-gumanitar va ilm-fan sohasidagi almashinuvlarni rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi bugungi vaziyat nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.