Pokiston Islom Respublikasi muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 8 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari Anvar ul-Haq Kakar bilan Nyu-York shahrida o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida uchrashgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokistonning o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari yil boshidan 75 foizga o‘sgan. Shu davrda yuk tashish hajmi ellik foizga oshgan. Shuningdek, yigirmata yangi qo‘shma korxona ochilgan.
Aslida, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. To‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va turizm sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbolli sanaladi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammiti mamlakatlar o‘rtasidagi hali ishga tushirilmagan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishda muhim sanaladi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon Haydarov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA