Isroil importga qaram mamlakat bo‘lgani uchun oziq-ovqat yetishmovchiligiga uchrashi mumkin. Zero, XAMAS harakati bilan nizo sharoitida dengiz orqali yuk tashiydigan kompaniyalar Isroil portlariga kirishdan xavotir olmoqda AQSHda chiqadigan “Foreign Policy” jurnali shu haqda mulohaza yuritgan.
Nashr ta’kidlashicha, Isroilga tovar yetkazish qimmatlashishi va ayni jarayonda xavf ortishi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini tahdid ostida qoldiradi. AQSH qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022 yil uchun tayyorlagan hisobotida ushbu mamlakat shakar, o‘simlik moyi, bug‘doy va qoramol importiga qaram mamlakatligi qayd qilingan. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari importi miqdori Isroil eksportiga nisbatan uch barobar ko‘p. Yuk, asosan, XAMAS tomonidan o‘qqa tutilayotgan Ashdod va Xayfa portlaridan qabul qilinadi.
Kema egalari va sug‘urta kompaniyalari Isroil portlariga kirish maqsadga muvofiq, degan qarorga kelishi Isroilning XAMAS va “Hizbulloh” harakati uchirayotgan raketalarni qay darajada samarali qaytara olishiga bog‘liq.
– Ehtimol, “Hizbulloh” Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “ular kutmagan zarbalarni berish” tahdididann qo‘rqmas, lekin kema kompaniyalari va sug‘urta shirkatlari xavotirga tushgani aniq, – yozadi nashr. – Agar bu korxonalar Isroil portlariga kirish xavfli, degan qarorga kelishsa, mamlakat tez kunlarda oziq-ovqat tanqisligiga uchraydi.
Masalan, o‘tgan hafta Tayvanga qarashli konteyner tashuvchi “Evergreen Line” kompaniyasi uzluksiz o‘qqa tutilayotgan Ashdod portiga yuk yetkazib berish majburiyatini bajara olmasligini e’lon qildi. Kompaniyaga qarashli shunday kemalarning biri yo‘nalishini o‘zgartirib, majburan Xayfa portiga to‘xtagan. Bu shahar G‘azodan atigi 50 kilometr masofada joylashgan.
Boshqa yuk tashuvchilar va ularning sug‘urta agentlari ham Isroil portlariga kirish maqbul emas, degan fikrni bildirmoqda. Brokerlar baho berishicha, Mudofaa armiyasi G‘azo sektoriga quruqlikdan amaliyot o‘tkazish rejasini amalga oshira boshlasa, Isroil portlariga langar tashlash o‘ta xavfli bo‘lib qoladi. Ashdod portiga harbiy xavf kuchli bo‘lgani uchun mintaqa bo‘yicha eng yuqori – konteyner qiymatining 0,65 foizi miqdorida sug‘urta narxi belgilangan.
“Hech kim portga kirishni xohlamaydi, chunki xuddi Ukrainada bo‘lgani kabi keyin kemalar chiqib keta olmaydi”, – deydi “Lloyd” sug‘urta birjasi harbiy xavfni baholash qo‘mitasi vakili Neyl Roberts.
S.Rahimov,
O‘zA