Bugun, 26 oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbir, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov, Pokiston tashqi ishlar vaziri Jalil Abbos Jiloniy, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda SHHT bosh kotibi Chjan Min va Tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev qatnashdi.

Kuzatuvchi mamlakat vakili va faxriy mehmon sifatida anjumanda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Hojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etdi.

“Ala-Archa” davlat qarorgohida mehmonlarni dastlab Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qildi.

Shundan so‘ng, hukumat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri Aqilbek Japarov ochdi.

Kun tartibiga muvofiq, dolzarb iqtisodiy va gumanitar masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

Bugungi kunda ko‘plab davlatlar yangi xavf va tahdidlar oqibatini boshdan kechirmoqda. Bunday murakkab sharoitda barqaror rivojlanishni ta’minlash va xalqlarimiz turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish SHHTning ustuvor vazifasi ekaniga urg‘u berildi.

Joriy yil iyul oyida Dehli sammiti yakunlari bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishildi. Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dehli sammitida so‘zlagan nutqida SHHT ulkan iqtisodiy imkoniyatlar hududi, barcha mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasi ekanini ta’kidladi.

Chindan ham o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 22 foiz oshgan.

Birgina joriy yil boshidan respublikamizda a’zo davlatlar kompaniyalari ishtirokida mingdan ortiq yangi korxona tashkil etildi va bu boradagi umumiy miqdor 8 mingga yetdi.

Davlatimiz rahbari Dehli sammitida Tashkilotning ulkan salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘z nutqida mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Ushbu tashabbuslar SHHT doirasida savdo, investitsiya, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, ekologiya, hududlararo hamkorlik, yoshlar siyosati, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir yakunida SHHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari Qushma kommyunike qabul qildi hamda Tashkilot faoliyatiga tegishli 13 ta hujjatni imzoladi.

SHHT hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024 yil Pokistonda bo‘lib o‘tadi.

O‘zA