Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Isroil armiyasi radiosi orqali Bosh kotib Antonio Guterrishning Isroil – XAMAS ziddiyati bo‘yicha bergan bayonotidan so‘ng BMT rasmiylariga viza berilmasligini e’lon qildi.

– Tegishli bayonot tufayli BMT vakillariga viza berishdan bosh tortamiz, – dedi Erdan. – Biz Bosh kotibning gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffitsga ayni masalada allaqachon rad javobini bergandik. Ularga saboq berish vaqti keldi.

Kecha diplomat BMT rahbarini terrorni oqlashda aybladi va XAMASning Isroilga hujumi shunchaki sodir bo‘lmaganini aytganidan keyin uni iste’foga chiqishga chaqirdi.

Avvalroq Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Guterrish XAMASning Isroilga hujumini qoralagan, shu bilan birga “…vakuumda sodir bo‘lmaganini ham tan olish kerak”, degandi. Uning eslatishicha, Falastin xalqi 56 yil davomida “bo‘g‘uvchi bosqinga duchor bo‘lmoqda”.