Dunyo bo‘yicha energiya resurslariga talab 2045 yilga kelib kuniga 359 million barrelni tashkil etadi yoki 23 foiz oshadi. 2022 yil ayni ko‘rsatkich kuniga 291 million barrelga teng edi. Bu haqda AzerTAJ agentligi OPEKning uzoq muddatli prognoziga tayanib yozgan.
Energiya mahsulotiga talab Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga kirmaydigan mamlakatlar hisobiga ortadi. Masalan, o‘sish miqdorining qariyb 28 foizi birgina Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
IHTT mamlakatlarida energiya resurslariga talab kamayadi.
Taxminga ko‘ra, qayta tiklanadigan energiya manbalarining dunyo energetika muvozanatidagi ulushi 2045 yilga kelib 11,7 foiz oshadi. 2022 yil bu ko‘rsatkich atigi 2,7 foiz edi.
OPEK ekspertlari ta’kidlashicha, neftga talab oshishi davom etadi. Demak, qora oltin 2045 yilgacha eng zarur mahsulotlar qatorida qoladi. Ya’ni, jami energiya tovarlarining 29,5 foizini tashkil etadi.