Xitoylik xakerlar AQSH Davlat departamentining ayrim xodimlari pochtalarini buzib kirib, 60 mingga yaqin elektron yozishmani qo‘lga kiritgan. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
AQSH Kongressi Senatidagi manba aytishicha, tashqi siyosat mahkamasi xodimlari amerikalik qonunshunoslarni Davlat departamenti elektron servisidagi o‘nta hisobot jurnali buzib kirilgani to‘g‘risida xabardor qilgan.
Xodimlar haqida ma’lumot keltirilmagan, ammo ular Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi masalalari bilan shug‘ullanishi ta’kidlangan.
Iyul oyida “The Wall Street Journal” nashri AQSHning Xitoydagi elchisi Nikolas Berns va Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani masalalari bo‘yicha yordamchisi Deniyel Kritenbrinkning elektron pochtasiga xitoylik xakerlar hujumi haqida yozgan edi.