Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yosh avlodni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bojxona sohasiga bo‘lgan qiziqishini maktab davrlaridanoq shakllantirish maqsadida 2022 yil mart oyidan boshlab bojxona organlari tomonidan bittadan maktab otaliqqa olinib, ushbu ta’lim muassasalarida “Yosh bojxonachi” to‘garagi o‘z faoliyatini boshlagan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasiga biriktirilgan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabidagi bojxona sohasiga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilardan tarkib topgan “Yosh bojxonachi” to‘garagi a’zolari uchun bojxona organlari tomonidan madaniy va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, to‘garak a’zolarining madaniy hordiq olishini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish va ularda milliy vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish maqsadida bojxonachilar hamrohligida Mo‘ynoq tumaniga sayohat tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston diyorining azim tumanlaridan sanaluvchi ushbu maskanga sayohat davomida o‘quvchilar “Kemalar qabristoni”da bo‘lib, Orol dengizining qachonlardir shu hududlargacha kelganligi va aynan ushbu kemalar “dengizini yo‘qotganligi” haqiqatiga yana bir bor amin bo‘lishdi. Yoshlar ushbu maskanlarda bo‘lib, Orol dengizining qurishi muammolari va uning qurigan hududlarida saksovulzorlar barpo etishning ahamiyatini his qildilar.
O‘quvchi yoshlar uchun bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi ularning ona Vatan, ona tabiat qadriga yetishi, uni asrash uchun o‘z hissasini qo‘shishdek mas’uliyatni his etishiga ham turtki bo‘ladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA