O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida O‘zbekiston Badiiy ijodiy birlashmasi a’zolari, rang-tasvirchi rassomlar Islam Jaqsibayev hamda Uzaqbergen Saparovning 80 yilligi munosabati bilan xotira kechasi va ularning asarlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.
Rang-tasvirchi rassom Islam Jaqsibayev (1943-2014) 1943 yil Nukus shahrida tavallud topgan. U 1967 yil P.Benkov nomidagi Toshkent badiiy bilim yurtini tamomlab, Toshkent teatr va rassomchilik institutining rang-tasvir bo‘limida tahsil olgan. “Tinchlik”, “Suv tashish”, “Sayg‘oqlar”, “Tabiat va vaqt”, “Kuz”, “Bizning hovli” peyzaj ishlari O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondagi ko‘rgazmalarda yuksak baholandi. Rassom tug‘ilgan yer jilosi, zamondoshlarining siymosini yaratishga bag‘ishlangan asarlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Uzaqbergen Saparov (1943-2008) 1943 yil Chimboy tumanida tavallud topgan. 1966 yildan boshlab, Nukus shahar badiiy ishlab chiqarish ustaxonasida rassom bo‘lib ishladi. 1970 yil P.Benkov nomidagi Toshkent badiiy bilim yurtini tamomlagan.
1974 yildan boshlab, Nukus, Toshkent, Moskva, Olmaota, Urganch, Maxachqala, Qozon shaharlarida o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. U 1998 yili O‘zbekiston Badiiy ijodiy birlashmasi a’zoligiga qabul qilingan.
Rassomning aksariyat asarlari I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida saqlanmoqda. Uning “Ot bilan peyzaj”, “Paxtakorlar”, “ Olma terimi”, “Yoshlar olma daraxti ostida”, “Jiyda terimi”, “Ikki daraxt” singari kartinalari o‘zining pok hissi, ma’naviyati va ranglar yechimining uyg‘unligi bilan ixlosmandlarning e’tiborini tortib, ko‘ngillaridan joy egallagan.
Tadbirda rassomlarning ixlosmandlari, yaqinlari va shogirdlari ijodkorlarning hayot yo‘li, asarlarini xotirlab, o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ko‘rgazma 15 kun mobaynida bo‘lib o‘tadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA