Uch kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tug‘ilgan kunining 1050 yilligiga bag‘ishlab “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, ilk Renessans davrining yorqin namoyondasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 avgustda “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

25 sentyabr kuni ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etadigan xorijiy va mahalliy olimlar Nukus xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Tadbir ishtirokchilari I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida xalq amaliy san’ati bilan yaqindan tanishdi.

Bugun Beruniy tumanida “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya,  uning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar va rasmlar ko‘rgazmasi, Beruniy tumanidagi “Aqchaxan qal’a” madaniy meros ob’ektida olib borilayotgan arxeologiya ishlari taqdimoti, Abu Rayhon Beruniy tarixiy drama premerasi namoyishi hamda Amfiteatrda olim tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan gala konsert bo‘lib o‘tadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA