Soliqlar yurtimiz yanada obod va xalqimiz farovon bo‘lishi uchun sarflanadi.

Shu kunlarda Byuro organlari tomonidan soliq undirish bo‘yicha ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan barcha qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasining 2022 yil 26 apreldagi qaroriga asosan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani bo‘limi ish yurituviga qarzdor “ORGANIC SOLUTIONS JOMBOY” MCHJdan 5 milliard 214,3 million so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati 2023 yil 25 avgustda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor tomon tegishli tartibda xabardor qilinib, qarzdorlikni ixtiyoriy bartaraf qilish uchun muddat  berilgan. Shu  bilan  birga, qarzdor  jamiyatning  nomida mol-mulk bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, javob xatlari olingan hamda barcha hisob raqamlariga taqiq o‘rnatilgan.

Natijada jamiyat tomonidan ixtiyoriy ravishda berilgan muddat oralig‘ida mavjud 5 milliard 214,3 million so‘m soliq qarzdorligi to‘lanib, bartaraf etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA