Aliment undiruvi Byuro organlari faoliyatida asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishdagi ishlar har bir xodimning kundalik nazoratiga olingan.
Jumladan, Majburiy ijro byurosining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tizimidagi har bir davlat ijrochisi tomonidan aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatining taraflari bilan uzviy aloqa o‘rnatilib, undiruvlar muntazamligini ta’minlashning barcha choralari ko‘rilmoqda.
Misol uchun, Byuroning Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor K.Yu.dan undiruvchi N.A.ning foydasiga bir nafar farzandi uchun aliment nafaqasini undirish to‘g‘risida ijro hujjati mavjud. Ijro harakatlari davomida mas’uliyatli ota tomonidan aliment majburiyati to‘liq bajarilib, farzandiga atalgan aliment nafaqasi oyma-oy o‘z vaqtida to‘lanib kelingan. Lekin joriy yilning avgust oyida qarzdor ota Byuro bo‘limiga kelib, oldindan to‘lab berish istagini bildirdi.
Davlat ijrochisi tomonidan to‘lovlar hisoblab berilgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qaroriga asosan ota tomonidan 96 million so‘m aliment nafaqasi oldindan to‘lab berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri