Poytaxtimizda “Toshkent-2023” II Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi o‘z ishini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.
Ushbu simpozium O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Simpozium «Inson va tabiat, iqlim o‘zgarishi, yashil makonlarni asrash, Orolni qayta tiklash» nomli dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir. Zero, insoniyatning ona-tabiatga bugun nechog‘li mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishi uning kelajagini belgilab beradi.
Mazkur simpoziumdan ko‘zlangan maqsad aholining ekologik madaniyatini oshirish, atrof-muhit ob’ektlarini, tarixiy-madaniy meros obidalarini saqlash, ona-tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni ta’minlashdan iborat.
Mahobatli haykallar shaharning istirohat bog‘lari, dam olish zonalari, ko‘ngilochar va sayyohlik maskanlarida o‘rnatilib, shahar va uning me’morchiligiga estetik go‘zalik baxsh etadi.
Mazkur simpozium haykaltaroshlik san’ati orqali ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusini xalqimiz ongiga chuqurroq singdirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy-landshaft qiyofasini rivojlantirish uchun marmardan haykaltaroshlik asarlari yaratish, xorijlik haykaltaroshlar bilan samarali ijodiy hamkorlik, tajriba almashish uchun qulay shart-sharoitni yuzaga keltirish rejalashtirilgan.
– Ushbu simpoziumda insonning tabiat bilan o‘zaro munosabatiga oid 3-4 ta ijodiy ishim bilan qatnashayapman, – dedi argentinalik Laura Markes. – O‘zbekistonga ilk marta kelishim. Simpozium ko‘plab davlatlardan kelgan ijodkorlar bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish, O‘zbekistondagi badiiy-ijodiy jarayonlar bilan atroflicha tanishish imkonini bermoqda.
Ushbu loyiha ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lib, birinchisi 2022 yil avgust-sentyabr oylarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda 7 nafar xorijiy va 5 nafar o‘zbek haykaltaroshlari ishtirok etgan edi. Bugungi kunga kelib ishtirokchilar safi kengayib bormoqda. Bu yil bo‘lib o‘tayotgan loyihada xorijdan 10 nafar va yurtimizdan 11 nafar ijodkor ishtirok etmoqda.
Haykaltaroshlarning xalqaro simpoziumi 30 sentyabrga qadar davom etadi. Uning doirasida mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda, yangi haykaltaroshlik namunalari yaratilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA