Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, ustoz jurnalist, marhum Sharap Usnatdinov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Qalbimda keng dunyo” filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.

“Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan ushbu film premerasi oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev va boshqalar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat va san’atni, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida faol ijod qilgan hamda bugungi kunda ham bu borada ibrat ko‘rsatib kelayotgan atoqli adiblar, yozuvchi va shoirlar, bastakorlar, kino va teatr san’ati namoyondalarining ijodiy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotganligi haqida so‘z yuritdi.

Shunday adiblarning biri Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, jurnalist, siyosatchi Sharap Usnatdinovdir. U 1942 yil Kegeyli tumanida tug‘ildi. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatdi. “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi sifatida uzoq yillar ishladi. Uning “Kimga kech, kimga tong sahar”, “So‘nggi ovchi”, “Ko‘rganlarim, ko‘ngildagilarim”, “Birinchi qoraqalpoq baletmeysteri”, “Shoirning yoshligi” kabi roman va qissalari kitobxonlarga meros bo‘lib qoldi.

Ssenariy muallifi va rejissyori Baxtiyar Madiyarov, operatori Asenbay Asqarov, rejissyor assissenti Damegul Allamuratovadan iborat  ijodiy jamoa tomonidan suratga olingan ushbu filmdan taniqli adibning bolaligi, ijodiy faoliyati, oilasi, ijodkor do‘stlari, shogirdlari va shoirni yaqindan bilgan insonlarning xotiralari o‘rin olgan.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA  muxbirlari.