Joriy yilning 10 sentyabridan boshlab amerikalik kardiojarroh shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarda murakkab yurak ochiq jarrohligi operatsiyalarini o‘tkazmoqda.
Ta’kidlash joizki, sentyabr oyining oxirigacha AQSHning “Global Cardiac Alliance” fondi rahbari, professor Uillyam Novik rahbarligidagi bir guruh kardiojarrohlar O‘zbekiston Respublikasi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov, markaz mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti shifokorlari, klinik ordinatorlar, magistrlar hamda yuqori bosqich talabalari bilan birga Qoraqalpog‘istonda yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan 50 nafar bolada ochiq turdagi murakkab operatsiyalarni o‘tkazishni rejalashtirgan. Bugungi kunga qadar 22 nafar bolada murakkab yurak ochiq jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida bo‘lib, bolajonlar ahvolidan xabar oldi. Uchrashuv davomida murakkab operatsiya samarali o‘tkazilgan va salomatligi barqaror 6 nafar bola oilasi bag‘riga qaytarildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.