Litva delegatsiyasi O‘zbekistonda

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichus boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Litva o‘rtasida o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalar rivojida parlamentlararo hamkorlik guruhi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Siyosiy partiyalar, parlamentlararo hamkorlik guruhlari, qo‘mitalar va komissiyalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik tizimidagi yangiliklar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi. Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan ishlar barqaror rivojlanishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Mehmonlar O‘zbekistonda ko‘plab sohalarda ulkan o‘zgarishlar kuzatilayotgani, mamlakatda qaror topgan tinchlik va barqarorlik bunda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

– Litva O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori, – dedi L.Linkyavichus. – Mamlakatingizda fuqarolik jamiyatini qaror toptirish, davlat boshqaruvini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar qat’iylik bilan olib borilmoqda. Bu kabi maqsadlarga erishishda qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati bo‘yicha o‘zaro tajriba almashinuvini faollashtirish muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuvda ikki mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida “O‘zbekiston – Litva savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda Litva delegatsiyasi hamda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston – Litva savdo munosabatlarida kimyo, oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika hamda turizm sohalari yetakchilik qilayotgani qayd etildi. 2017 yilda o‘zaro tovar aylanmasi 250 million AQSH dollarini tashkil qildi. Mamlakatimizda Litva investorlari ishtirokidagi 14 korxona faoliyat yuritmoqda.

Muzokaralar davomida mehmonlar mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilishga qaratilgan ishlar, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida joriy etilgan soliq va boshqa imtiyozlar bilan tanishtirildi.

Tadbir doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari uchun o‘tkazilgan kooperatsion birjada tomonlar o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Litva delegatsiyasi, shuningdek, qator vazirlik va idoralarda ham muzokaralar o‘tkazdi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA