Yaponiya, Filippin va Indoneziya davlatlarining qo‘shma mezbonligida erkaklar terma jamoalari ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionati 1/4 final juftliklari aniqlanishi asnosida kelgusi yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan yana ikkita terma jamoaning nomi ham ma’lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan chorak final uchrashuvlaridan so‘ng Germaniya va Serbiya terma jamoalari Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Ikki kun avval yarim finalga yo‘l olgan AQSH va Kanada terma jamoalari ham Olimpiya o‘yinlari chiptasini qo‘lga kiritgandi.

Shuningdek, Janubiy Sudan (Afrikaning eng yaxshi jamoasi), Yaponiya (Osiyoning eng yaxshi jamoasi) va Avstraliya (Okeaniyaning eng yaxshi jamoasi) voleybolchilari ham Parij Olimpiadasida qatnashadi. Fransiya terma jamoasi esa mezbon sifatida Olimpiadada ishtirok etadi.

Bugungacha 8 ta davlat terma jamoalari Parij-2024 yo‘llanmalarini naqd qilishgan bo‘lsa, saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 24 ta jamoa Parij-2024 da qatnashishdan umidvor.

Olimpiya kvalifikatsion turnirlarida Litva, Italiya, Latviya, Sloveniya, Ispaniya, Chernogoriya, Puerto-Riko, Braziliya, Dominikan Respublikasi, Gretsiya, Gruziya, Misr, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Livan, Filippin, Meksika, Angola, Kot-dʼIvuar, Kamerun, Bagam orollari, Bahrayn, Polsha va Xorvatiya jamoalari qatnashadi. Aynan ushbu davlat terma jamoalari Parij-2024 dagi 16 joyga da’vogarlik qilmoqda.

Yaponiya, Filippin va Indoneziya davlatlarida o‘tkazilayotgan jahon chempionati musobaqalari 10 sentyabrga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev, O‘zA