Mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Vengriya poytaxti Budapesht shahri meri Ishtvan Tarlosh boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.

Viloyat hokimi T.Jo‘rayev Vengriya delegatsiyasini Samarqandga tashrifi bilan qutlab, viloyatning iqtisodiy salohiyati, turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Samarqand va Budapesht shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sayyohlik va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

– Vengriya xalqi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, xususan, Samarqandni yaxshi biladi, – deydi I.Tarlosh. – Samarqand tarixiy yodgorliklarga boy, chiroyli, bir so‘z bilan aytganda, turizmni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega shahar ekan. Kelajakda bu qadimiy shahar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish niyatidamiz.

Vengriyalik mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.

 

G‘olib Hasanov, O‘zA