Professional boksning to‘rtta vaznida jahon chempionligiga erishib, ayni paytda birinchi yarim yengil vazn toifasida (55,3) WBC va WBO kamarlari sohibi bo‘lgan yaponiyalik Naoya Inoue kelajakda kimlar bilan jang qilmoqchi ekani xususida to‘xtalib, hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev bilan jang qilishni xohlashini bildirgan.
Ma’lumki, yaponiyalik bokschi yaqinda Stiven Fultonni muddatidan oldin mag‘lub etgan holda WBC va WBO kamarlari egasiga aylangan edi. Uning navbatdagi raqibi WBA va IBF kamarlari egasi Marlon Tapales hisoblanadi.
Hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev ushbu vazn WBA yo‘nalishida eliminator jangida ishtirok etadi va natija ijobiy bo‘lgan taqdirda Inoue-Tapales bahsi g‘olibiga majburiy da’vogarga aylanadi.
WBA va IBF yo‘nalishlarida sobiq jahon chempioni, hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev ayni paytda AQSHda mashg‘ulot olib bormoqda.
Ahmadaliyevning menejeri Vadim Kornilov Murodjonning kelajagi haqida so‘z yuritib, WBA saralash jangiga buyruq berilganidan so‘ng Kamedaning jamoasi bilan muzokaralar boshlanganini, lekin u vaznini o‘zgartirmoqchi ekanligini, shu sababli undan keyingi o‘rinda turuvchi bokschi bilan muzokara olib borish masalasi kun tartibiga chiqqanini aytib o‘tdi.
– Inoue va Tapales o‘rtasidagi jangdan so‘ng bizda nohaqlik tufayli boy berilgan kamarlarni qaytarib olish imkoniyati vujudga keladi. Murodjon Tapales — Inoue jangi g‘olibiga qarshi ringga ko‘tariladi. Ammo har qanday holatda ham Murodjonning Tapales bilan jangini tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan barcha ishni qilamiz, – deya ta’kidlagan Kornilov.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) avgust oyi yakunlariga ko‘ra e’lon qilgan yangilangan reytingda Murodjon Ahmadaliyev 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘tgan oyda hamyurtimiz 2-o‘rinda qayd etilgan edi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA