7-8 sentyabr kunlari Samarqand mezbonligida o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning navbatdagi yirik xalqaro konferensiyasi oldidan tadbir uchun asosiy mas’ul tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari Aziz Voitov mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirokidagi brifingda mazkur anjumanning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ayni paytgacha Samarqandda bo‘lib o‘tadigan nufuzli anjumanda 31 davlatdan 2 yarim mingga yaqin delegat ishtiroki tasdiqlangan. Albatta, hozirgacha mehmonlarimizning aksariyati ko‘hna shahrimizga yetib kelgan. Shu o‘rinda yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan mazkur konferensiyaga qiziqish bu qadar yuqori ekanligining sababi nimada, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu savolga bir necha omillarni keltirish orqali javob berish mumkin. Birinchi navbatda tanlangan mavzu juda dolzarb – oziq-ovqat xavfsizligi. Bu muammo bugungi kunda, ishonch bilan, aniqrog‘i afsuslanib aytish mumkinki, yer yuzining barcha qit’alari, barcha mamlakatlarini jiddiy tashvishga solmoqda. Zero, keyingi yillarda sayyoramizda yuzaga kelgan tashvishli siyosiy vaziyat, iqlim bilan bog‘liq salbiy o‘zgarishlar, suv resurslaridan foydalanishdagi muammolar, yer sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik kabi qator omillar tufayli aynan oziq-ovqat xavfsizligi insoniyat, jahon hamjamiyati oldidagi global masala sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Prezidenti Ona zaminimiz hayoti, insonlarning kun kechirishi, turmush sharoiti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ushbu masalalarni doimiy ravishda BMT darajasidagi nufuzli minbarlarda qayta-qayta, muntazam ravishda ko‘tarib kelmoqda. Nafaqat ko‘taryapti, balki ushbu muammolar yechimi bo‘yicha ko‘plab taklif, tashabbuslar bildirmoqda. Tabiiyki, bunday sa’y-harakatlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Qolaversa. mamlakatimiz keyingi yillarda nufuzli xalqaro anjumanlarni o‘tkazish bo‘yicha ulkan tajriba to‘pladi. Shu bois ham eng obro‘li xalqaro tuzilmalar yirik tadbirlar tashkil etishni O‘zbekistonga ishonib topshirmoqda. Umuman, bunday omillarni ko‘plab keltirish mumkin.
Demak, bu galgi konferensiyadan ko‘zlangan maqsad mana shunday global muammo bo‘yicha fikr, tajriba almashish, taklif, tashabbuslarni o‘rtaga tashlab, tahlil qilish, foydali yechimlar topish.
G‘ayrat Xonnazarov,
Nosirjon Haydarov, O‘zA