Bugun Toshkentda O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi boshlanadi. 9 sentyabrga qadar davom etadigan Haftalik davomida tibbiyotning qator yo‘nalishlari bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar standartlari asosida ilg‘or yondashuv va tajribalarni mamlakatimiz tibbiyotiga tatbiq etish hamda investitsiyalarni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etish kerak, so‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda. Birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilyapti. Ayniqsa, sil va o‘pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalar yildan yilga kengaymoqda. Qolaversa, Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘rtasida yurtimizda farmakopeyani rivojlantirish va referens laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha grant mablag‘lari ajratilganligi ham mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga hissa qo‘shmoqda.

Ammo, hali tibbiyot sohasida oldinda qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina. Xususan, tibbiy ta’lim, kadrlar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar, yuqori texnologiyali operatsiyalar, innovatsion diagnostika va davolash usullari, kasalliklar profilaktikasi, tibbiy sug‘urta, sanitariya va epidemiologiya, farmatsevtika kabi o‘nlab yo‘nalishlarda Qo‘shma Shtatlari standartlari asosida ilg‘or yondashuv va tajribalarni mamlakatimiz tibbiyotiga tatbiq etish hamda investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi ilk marotaba ayni shu maqsadlarda o‘tkazilmoqda.

To‘rt kunlik haftalik davomida AQSHdan yurtimizga kelgan ko‘plab malakali mutaxassislar qator tibbiyot muassasalari va tashkilotlariga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, ular Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Shoshilinch tibbiy yordam markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashgan gematologiya ilmiy amaliy-amaliy tibbiyot markazi singari shifo maskanlari faoliyati bilan tanishib, o‘zaro fikr va tajriba almashadi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, talablar bilan muloqotlar olib borishi ko‘zda tutilgan.

 

Go‘zal Sattorova,

O‘zA