II Xalqaro hunarmandlar festivali 21-23 sentyabr kunlari Qo‘qonda bo‘lib o‘tadi. Yer kurrasining qaysi qismida bo‘lmasin bu nufuzli anjumanda o‘z san’atini namoyish etmoqchi bo‘lgan ustalar onlayn tarzda festival tashkiliy guruhiga uzluksiz murojaat qilishmoqda.

–Dunyoning har bir mashxur hunarmandida Qo‘qon festivalida ishtirok etish istagi bor. Festivalga 70 dan ortiq davlatdan 400 ga yaqin horijiy mehmonlar qatnashishi kutilmoqda, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Mirzaahmedov. –Bu hunarmandlar, soha ilmiy xodimlari, galereyalar va mashxur brendlar asoschisi hamda vakillari, mashhur dizaynerlardir.

Turkiy tilli davlatlar turizm poytaxti maqomidagi Qo‘qon xalqaro hunarmandlar festivaliga astoydil hozirlik ko‘ryapti. Horijiy va mamlakatimizdan tashrif buyuradigan ishtirokchilar uchun mehmonxonalar, jurnalistlar uchun Matbuot markazi taxt qilib qo‘yildi. Shahar ko‘cha, hiyobonlari orasta xolga keltirildi. Ma’lumki, O‘zbekistonning har bir viloyatida dong‘i chiqqan ustalar bor. Ular uchun ham barcha sharoitlar yaratildi.

–O‘rda maydonida viloyatlardan keladigan 800 ga yaqin hunarmandlar o‘zlariga xos madaniyat, san’at asosida ko‘rgazmalar quradilar, – deydi Rasuljon Mirzaahmedov. –U chin ma’noda hunarmandlar shaharchasiga aylanadi. Ular bu yerda mahorat darslarini o‘taydilar, o‘zlari yasagan byumlarni namoyish etishadi.

Shuni ham aytish kerakki, Xalqaro hunarmandlar festivali faqat Qo‘qondagina emas, kulollar markazi Rishton, ipakchilik poytaxti Marg‘ilon shahrini ham qamrab oladi. Dasturda turli-tuman tadbirlar rejalashtirilgan.

Masalan, festival doirasida modalar ko‘rgazmasi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Dunyoning mashxur dizaynerlari qatnashishi kutilmoqda. Shu bilan birga birinchi marta jahon hunarmandchiligi muzeyi Qo‘qon shahrida ochiladi.

Qo‘qon II Xalqaro hunarmandlar festivali dunyoning to‘rt tomonidan mehmonlarni kutmoqda.

Muallif:Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov