Tezyurar poyezdlardan foydalanish davlatning iqtisodiy qudratini namoyish etadi

Bundan bir necha yil muqaddam, GoEuro nashri “Global High-Speed Train Ranking” tomonidan e’lon qilingan reyting haqida ma’lumot berdi. Bu ro‘yxatdan Markaziy Osiyodan faqatgina O‘zbekiston o‘rin olgan. Unda tezyurar poyezdlari mavjud bo‘lgan 20 ta davlat orasida O‘zbekiston 17 o‘rinda turibdi.

Ro‘yxat tuzilishida poyezdlarning tezligi, temiryo‘l tarmoqlarining qamrovi, aholining o‘ta tez yurar poyezdlardan foydalanishi va har 1 kilometr uchun to‘laydigan yo‘l kirasi hisobga olingan. Nashr e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda tezyurar poyezdlarning o‘rtacha tezligi soatiga 255 kilometrni tashkil qiladi.

Ayni damda mamlakat aholisining 9,01 foizi o‘ta tezyurar poyezdlar xizmatidan foydalanmoqda. Bu poyezdlarda yo‘l kira haqqi bir kilometr uchun 0,18 yevroni tashkil qiladi. Bu borada O‘zbekiston Norvegiya, AQSH va Finlyandiya kabi mamlakatlarni ortda qoldirgan.

02.jpg

Kuzatuvchilarning fikricha, tezyurar poyezdlarga mo‘ljallangan temiryo‘l tarmog‘i zamonaviy dunyoning yangi ko‘rinishi bo‘lib, atigi 20 ta mamlakatda asosiy transport tarmog‘i hisoblanadi. Bundan bir necha yillar avval bir shahardan ikkinchi shaharga tezroq borish uchun samolyotlardan foydalanilardi. Endilikda shaharlar, hatto mamlakatlarni o‘zaro bog‘lovchi tezyurar poyezdlar paydo bo‘ldi.

Xitoy, Yaponiya va Yevropaning qator mamlakatlarida 300 kilometr masofani atigi bir soatda bosib o‘tuvchi poyezdlar oddiy transport turiga aylanib bormoqda. Tezyurar poyezd deb, temir yo‘llarda o‘rtacha tezlikdan ko‘proq harakat qiladigan poyezdlarga aytiladi. Tahlilchilar soatiga 140 kilometr tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni tezyurar deb, tezligi 200 kilometrdan oshadigan poyezdlarni yuqori tezlikdagi poyezdlar deb atashadi.

03.jpg

Zamonaviy yuqori tezlikdagi poyezdlar soatiga 350—400 kilometr tezlikda harakat qiladi. Ayni damda tezligi 560—580 kilometr bo‘lgan poyezdlar sinovi o‘tkazilmoqda.

Shuni ta’kidash kerakki, tezyurar poyezdlar ilk bor o‘tgan asrning 60-yillarida Yaponiyada paydo bo‘lgan, 80 yillarda Yevropada tez yurar poyezdlarga mo‘ljallangan temir yo‘llar qurila boshlandi. Aholi sonining o‘sishi Osiyo mamlaktlarida tezyurar poyezdlariga bo‘lgan talabni kuchaytiridi. Bu borada Yaponiya birinchilikni o‘zida saqlab turibdi. Ilk bor yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi 1964-yilda Yaponiyada Sinkansen loyihasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgandi. 1981-yildan boshlab esa Fransiyada ham yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnay boshladi. Keyinchalik bu jarayon Yevropa g‘arbidagi deyarli barcha mamlakatlarda kuzatila boshlandi.

04.jpg

XXI asr boshlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar yo‘llarining uzunligi va qatnovi bo‘yicha Xitoy birinchilikka erishdi. 2012-yilgi holatga ko‘ra, bu mamlakatda temir yo‘llarining uzunligi 9 ming 300 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 1995-kilometrida poyezdlar soatiga 350 kilometr tezlikda yuradi.

Xitoyda yuqori tezlikda harakat qiluvchi poyezdlar uchun temiryo‘llar qurish asosan Davlat banklari va davlatga tegishli moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladi. Hozircha yuqori tezlikdagi poyezdlar faqat yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, hozircha tezyurar poyezdlar reaktiv samolyotlarning tezligiga yeta olmaydi. Tan olish kerak, bir shahardan ikkinchi shaharga yetib borishda samolyotlar poyezdlarga qaraganda ancha qulaydir. Biroq aeroportlarning vokzallarga nisbatan shahardan uzoqdaligini esdan chiqarish kerak emas. Bu esa yo‘lovchilarning shahardan aeroportga yoki aeroportdan shaharga borishlarida ancha vaqt va xarajatlarni talab qiladi.

05.jpg

Ko‘plab shaharlarda aeroportga borish salkam bir soatni tashkil qilishi sir emas. Vokzallar esa shahar markazida joylashgan. Chiptalarni esa poyezd qo‘zg‘alishidan 15 daqiqa avval xarid qilish mumkin. Bu esa poyezdlarning samolyotlardan afzalligini isbotlaydi. Poyezdlardan foydalanish o‘z navbatida ichki yo‘nalishda parvoz qiluvchi samolyotlar sonini kamaytirishi, ulardan ko‘pincha xalqaro yo‘nalishlarda foydalanish, nisbatan qimmat bo‘lgan aviatsiya yoqilg‘isini iqtisod qilish imkonini beradi.

“Yevrostar” (Eurostar) – London va Kent grafligini Fransiyaning Parij, Lill va Belgiya poytaxti Bryussel bilan bog‘lovchi temir yo‘l tarmog‘idir. “Yevrostar” poyezdlari La-Mansh bo‘g‘ozi tagidan o‘tib ko‘hna qit’ani o‘zaro bog‘laydi. “Yevrostar” poyezdlarining ikkita turi mavjud: Eurostar Three Capitals (inglizcha “Uch poytaxt” demakdir) 2 ta bosh va 18 ta yo‘lovchi vagonlaridan iborat; Eurostar North of London (inglizcha. “London shimoli”)da esa 14 yo‘lovchi vagoni bor.

Parij–Bryussel–Kyoln–Amsterdam yo‘nalishida qatnovchi poyezdlarning tezligi soatiga 300 kilometrni tashkil qilib yo‘lovchilar Parijdan Bryusselga 80 daqiqada yetib olishlari mumkin. Tez yurar poyezdlar o‘z yo‘lovchilarini Londondan Parijga 3 soatda yetkazib qo‘yadi. Yaponiyaning E5 Shinkansen ekspressi soatiga 330 kilometr tezlikda Tokiodan Sin-Aomoriga uch soatda yetib boradi. Ispanda esa AVE poyezdlari soatiga 330 kilometr tezlikda harakat qilar ekan, Madriddan Barselonagacha bo‘lgan masofani ikki soatu 38 daqiqada bosib o‘tadi. Pekin–Tyanszin yo‘nalishidagi poyezdlarning tezligi soatiga 360 kilometr bo‘lib, yo‘lovchilar o‘z manzillariga 30 daqiqada yetib olishadi.

Tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan davlatlar orasida “Nasaf”, “Sharq” va “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘ygan O‘zbekistonning ham borligi ko‘ngilimizni tog‘dek ko‘tardi. Bu ham bo‘lsa bizning hech kimdan kam bo‘lmaganimizni va kam bo‘lmasligimizni yorqin isbotidir.

Sharofiddin To‘laganov