Bugungi kunda turizm dunyoda eng ilg‘or va serdaromad sohalardan biriga aylandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 200 millionga yaqin kishi ushbu sohada mehnat qiladi, jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmdan tushayotgan daromad 1 trillion AQSH dollaridan ko‘proqni tashkil qilmoqda, dunyo bo‘yicha sayyohlar soni yiliga 4-5 foiz ko‘payib, har yili boshqa davlatlarga sayohat qiluvchilar soni 1 milliarddan oshmoqda.
Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar ro‘yxatidan o‘rin egallagan. Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YUNЕSKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bugun yurtimizda 800 dan ortiq sayyohlik tashkiloti faoliyat ko‘rsatadi, 600 dan ziyod zamonaviy mehmonxona, sayyohlik bazasi va kemping bor.
Mamlakatimizda turizm rivojlanishi soha xodimlariga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Ayni kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro turizm fakulteti, Samarqand iqtisodiyot va servis hamda poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turizm yo‘nalishidagi kollejlarda sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bilan hamkorlikda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlashni takomillashtirishga bag‘ishlangan ochiq muloqotda bu borada atroflicha axborot berildi.
Ochiq muloqotda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, mamlakat sayyohlik salohiyatini yanada oshirishda soha mutaxassislari malakasi muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Turizm kollejlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish, sohaga oid o‘quv dasturlarini takomillashtirish, turizm sohasida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘quv muassasalari bilan ish taklif etuvchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xalqaro turizm fakulteti ta’lim jarayoni bilan tanishdilar.