O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27-aprel kuni Pxanmunjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor tabrikladi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib, ko‘p qirrali hamkorlik kengayib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
2017-yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuksak darajaga olib chiqib, sifat jihatidan yangi mazmun, turli sohalarga doir aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitdi.
Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mehmon Koreya Respublikasi bepoyon mintaqaning tinchligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va ko‘p formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.