Prezidentimiz Namangan shahridagi “Orzu” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Sanoat zonasining hududi salkam o‘n gektarni tashkil etadi. Bu yerda yengil sanoat, oziq-ovqat, tibbiy texnika, poligrafiya, polietilen paketlari va plyonkalar ishlab chiqarishga oid 142 milliard so‘mlikdan ortiq 22 loyihani amalga oshirish mo‘ljallangan. Loyihalar to‘liq hayotga tatbiq etilgach, yiliga 82,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi hamda jami 4 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlanishiga erishiladi.
Sanoat zonasining barcha kommunikatsiya va infratuzulmalarga yaqin bo‘lgan maydonda tashkil etilgani kelgusida korxonalarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Loyihalarda chet elning zamonaviy, energiya tejovchi texnologiyalardan foydalaniladi.
Davlatimiz rahbari ushbu kichik sanoat zonasining imkoniyatlari, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi.
Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan suhbatda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, raqobatdosh mahsulotlar turlarini ko‘paytirish, xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish va eksportni rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.