Prezidentlar qadimiy Buxoroni sayr qildi

Oliy martabali mehmon Buxoro shahrining tarixiy qismida zardo‘zlik, zargarlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ark qo‘rg‘onidan to Labi hovuz majmuasigacha bo‘lgan hududda namoyish etilayotgan ko‘rgazma Buxoroning qadimiy hunarmandlik an’analarini o‘zida aks ettirgan. Tunu kun ishlaydigan hunarmandlik rastalarida ustalar mehnati bilan yaratilgan buyumlar kishida hayrat uyg‘otadi. Sayilgoh ko‘chasi, Toqi Zargaron majmuasida namoyish etilayotgan dor o‘yinlari, folklor jamoalarining chiqishlari kishiga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi.

Buxoroning tarixiy va me’moriy obidalari milliy hunarmandlik mahsulotlari turkiyalik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga davlat tashrifi yakuniga yetdi.

Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

 

Matnazar Elmurodov, Erkin Yodgorov, O‘zA