O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda iqtisodiy rivojlantirish va liberallashtirish masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Raqamlar bilan aytilganda, harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi, sezilarli iqtisodiy siljishlar ro‘y berdi. Ya’ni, 2017 yilda investitsiyalar miqdori 2016-yilga nisbatan 1,4 barobarga oshdi va 2,4 milliard dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jaligida paxta ekin maydonlari 49 ming, g‘alla maydonlari 10 ming gektarga qisqartirildi va o‘rniga turli ozuqabop ekinlar ekildi. Xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy bitimlar natijasida investitsiyalar jalb qilinishi ortdi. Yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar turli xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan e’tirof etildi.

Konferensiya o‘z ishini ikkita seksiya bo‘yicha olib bordi. Ular ishida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolishning muhim yo‘nalishlari, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sharoitida innovatsion menejmentning o‘rni masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

«O‘zbekistonda innovatsion rivojlanishni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar: muammolar va yechimlar», «Davlat byudjeti daromadini oshirishning samarali yo‘llari», «O‘zbekiston Respublikasida valyuta siyosatini liberallashtirish» kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillarining turli mavzulardagi fikrlari esa sohaga oid xorij tajribasini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Umuman, konferensiya davomida 30 dan ziyod ilmiy ma’ruza va chiqishlar qilinib, aytilgan fikrlar qizg‘in muhokama qilindi. Shuningdek, anjumanda Malayziya milliy universitetidan xalqaro ekspert, mamlakat hududlaridagi iqtisodiy soha vakillari bilan internet orqali (vebinar) muloqot o‘rnatildi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA