O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov yurtimiz tarixidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, eng munosib nomzodga ovoz berdi.

Vatan kelajagi va xalq saodatini ta’minlashda muhim bo‘lgan mazkur saylov jarayonlari ochiqlik va shaffoflik asosida o‘tmoqda. Shayx hazratlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan 576-saylov uchastkasiga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashdi.

Shundan so‘ng muftiy hazratlari ushbu uchastka mutasaddilari, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbat qurib, ovoz berish jarayonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

– Alloh taologa shukrki, bugun tarixiy voqeada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldik. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentligiga munosib nomzodga ovoz berish kunidir. Men ham mana shunday bir yurtning fuqarosi sifatida, diyorini sevuvchi musulmon o‘laroq ovoz berishda ishtirok etmoqdaman. Shunday ekan, biz ham munosib nomzodga yaxshi niyat ila ovoz berdik. Har bir mo‘min-musulmonning yaxshi niyat ila munosib nomzodga ovoz berishi yaxshilik yo‘lidagi hamkorligidir.

Mamlakatimizdagi Prezidentlik saylovi milliy va xalqaro tamoyillar asosida, saylovchilarning yuqori darajada ishtirok etishi bilan yanada fayzli o‘tmoqda. Zero, saylovchilar faolligi millat hamjihatligini, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchni, olib borilayotgan siyosatning qo‘llab-quvvatlanishini yaqqol namoyon etadi.

Darhaqiqat, oxirgi yillardagi diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar va xayrli islohotlar natijasida yangi masjid-madrasalarning ochilishi, mo‘min-musulmonlarga keng imkoniyatlar berilishi Alloh taoloning yurtimizga bergan ulug‘ ne’matlari bo‘ldi. Bugungi saylovlarda mo‘min-musulmonlarimizda kelajakka bo‘lgan ishonch va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi yanada ortganini yaqqol ko‘rish mumkin, – dedi muftiy hazratlari.

O‘zA