Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 576-saylov uchastkasida saylov jarayoni davom etmoqda.

Mazkur uchastkaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva tashrif buyurdi. Saylovda ishtirok etib, ovoz bergan Senat Raisi jurnalistlar bilan muloqot qildi.

– Saylov jarayonlari ochiq, shaffof tarzda o‘tkazilayotganiga hammangiz guvoh bo‘lib turibsiz, – dedi Tanzila Norboyeva. – Barcha siyosiy partiyalardan, jamoat tashkilotlaridan  kuzatuvchilar borligi, ommaviy axborot vositalari jarayonni bemalol kuzatib, yoritib borayotgani mamlakatimizda mana shu tizimning takomillashib borayotganidan dalolat beradi. Bu, o‘ylaymanki, milliy saylov tizimining jahon standartlariga muvofiq  takomillashgani, eng avvalo, qonun chiqaruvchilar, Markaziy saylov komissiyasi, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, qolaversa, ommaviy axborot vositalarining hamkorlikdagi ko‘p yillik faoliyati natijasidir.

O‘ylaymanki, bundan keyin o‘tkaziladigan saylovlar, albatta, mana shunday takomillashib beraveradi. Eng ahamiyatlisi, saylovga juda ko‘p xalqaro tashkilotlar qiziqish bildirdi. Xususan, xalqaro miqyosdagi 16 ta xalqaro tashkilot vakillari saylovni kuzatib bormoqda. 50 ga yaqin  davlat vakillari, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining 244 nafar kuzatuvchisi jarayonni bevosita kuzatayotgani juda ahamiyatli. Aytib o‘tish kerakki, har safar saylovda kuzatuvchilarning ishtirok etishi va jarayondan keyin ularning tavsiyalari asosida qonunchiligimiz takomillashtirib borilayotgani amalda saylovlarning xalqaro standartlar talablari darajasida o‘tishiga xizmat qilmoqda.

Saylov jarayonlarini bu yerga kelishdan oldin ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatdim. Yurtdoshlarimizning kayfiyati a’lo. Xalqimiz ertangi kuniga befarq emas, – dedi Senat Raisi.

Norgul Abduraimova, O‘zA