Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida 2023 yil 7 iyul kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “ATB “Qishloq qurilish bank”da transformatsiya: zamonaviy qiyofa va yangi davr” mavzusida taqdimot tadbiri o‘tkazildi. Unda bank boshqaruvi rahbariyati va bankning tarkibiy tuzilmalari mas’ul xodimlari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi rivojlanish jarayonida ATB “Qishloq qurilish bank” faoliyat bosqichlari, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarga qo‘shayotgan munosib hissasi, asosiy o‘zgarish va yangilanishlarga bag‘ishlangan taqdimot qilindi. Ahamiyatli jihati, xalqaro Fitch Rating va Moody’s kredit agentliklari ATB “Qishloq qurilish bank” reytingini O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi bilan bir xil darajada tasdiqladi.
Hozirda bankda 43 ta bank xizmatlari ofislari, 60 ta bank xizmatlari markazlari, 129 ta valyuta ayirboshlash shahobchalari, 81 xalqaro pul o‘tkazmalari markazlari va 334 ta bankomatlar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Bank tomonidan gender siyosati qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda ayollarning ulushi bank xodimlarining 40 foiziga yetdi. Xodimlarning umumiy soni 2023 fiskal yili yakuniga ko‘ra, 2740 nafarga yetdi, shundan 502 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlardir. Bugungi kunda bank tomonidan 1 566 296 nafar mijozga xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan 1 501 273 nafari chakana mijozlar va 32 784 nafari yuridik shaxslardir.
Bundan tashqari bank xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni mustahkamlamoqda, xalqaro hamkorlar doirasini kengaytirish borasida faol ish olib bormoqda.
Bankning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va uni amalga oshirish yo‘l xaritalari xalqaro konsalting kompaniyasi PwC bilan birgalikda ishlab chiqilib, bank kengashi tomonidan 2020 yilda tasdiqlangan. Bank strategiyasini amalga oshirishda quyidagi tashqi konsultantlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda:
Osiyo taraqqiyot banki, PWC, Ernst&Young konsalting kompaniyasi bilan transformatsiya jarayonlari amalga oshirilgan va DELOITTE xalqaro tashkilotlari bilan loyihalar qilingan. O‘z navbatida, bankning QUANT mobil ilovasi orqali 145 000dan ortiq mijozlar 1 265 000 tranzaksiyalarni bajargan va 1.1 trillion so‘mdan ortiq aylanmalar amalga oshirilgan.
Mijozlar talablarini o‘rgangan holda bankning yangi mobil ilovasi ishlab chiqildi va bunda kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish, onlayn omonatlar, bankomatlardan plastik kartasiz naqd pul olish va boshqa bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, smartfonlardan NFC, QR-Code orqali savdo terminali va to‘lov karta sifatida foydalanish va boshqa bir qator platformalar yaratildi.
Zamonaviy axborot texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish (CRM) loyihasi, ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqarish (DWH, BI) tizimini yaratish loyihalari boshlandi. Bankda qisqa raqamli (1254) kontakt markaz tashkil etildi va bugungi kunda o‘rtacha bir kunda 1000 tagacha qo‘ng‘iroqlarga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, tadbirda kelgusida amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan rejalar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Hususan, 2024 yil 31 dekabrda tugaydigan moliya yili yakuni bo‘yicha bank xizmatlari ofislari va markazlari sonini 104 tadan 150 taga ko‘paytirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.