Rang-barang tadbirlar, anjumanlar, xalqaro forumlar, muloqotlarga boy bo‘lgan haftalik mamlakatimiz olimlari, siyosatchilari, davlat va jamoat arboblarining o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Ma’rifiy haftalik “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi renessans asosi” madaniy tadbirlari bilan birgalikda mamlakatimizda o‘tkazilgani e’tiborga molikdir.
Bir hafta davomida Yangi O‘zbekistonning dadil va shiddat bilan bosib o‘tgan yo‘li, ichki va tashqi siyosat, uning ustuvorliklari, iqtisodiyot, huquqiy soha, transport va logistika, sanoat, qurilish, ekologiya, axborot texnologiyalari va innovatsion texnologiyalar, madaniyat va ma’rifat, sog‘liqni saqlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ilgari misli ko‘rilmagan ezgu sa’y-harakatlar, hayotbaxsh tashabbuslar, ularning natijadorligi atroflicha muhokama etildi. Galdagi vazifalar xususida batafsil so‘z yuritildi.
Oltmishdan ortiq xorijiy davlatlarning vakillari – olimlar, tadqiqotchilar, ekspertlar, siyosatshunoslar, akademik davra vakillari, ijodkor ziyolilar dunyoga yangi O‘zbekiston sifatida tanilib borayotgan mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadilar. Ayni paytda bugungi kunda jahonda global tus olayotgan tahdidlar, xatarlar va muammolarga qarshi birgalikda kurashish uchun kuchlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Haftalik tadbirlari davomida taraqqiyot sari yuz tutgan Yangi O‘zbekistonning innovatsiya va ma’rifatga intilayotgani, bularning bari inson qadr-qimmatini yuksaltirishdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgani alohida e’tirof etildi.
“Yangi O‘zbekistonda: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligining yakuniy tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri