9 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni. Bu jarayonga ayniqsa yoshlarimiz katta qiziqish bildirayotgani tabiiy. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur saylovda ovoz beruvchilarning 7 milliondan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Shundan, 700 mingga yaqin yoshlarimiz birinchi marta saylovda ishtirok etadi.

Xo‘sh, yoshlarimizning saylovda ishtirok etishlari uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda? Bu borada Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Akmal Alimov quyidagilarni ma’lum qildi.

– Bugungi kunda saylovda yoshlarimizning ishtirokini ta’minlash uchun mahallalar, oliy ta’lim muassasalari, xorijdagi, korxona, tashkilotlar, harbiy xizmatdagi yoshlarimiz hamda jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarning siyosiy jarayonlardan xabardorligini ta’minlash maqsadida ular o‘rtasida faol targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Saylovda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirish, huquqiy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari 3 bosqichda tashkil etildi.

Xususan, birinchi bosqichda barcha hududlarda va tuman (shahar)larda yoshlar uchun qiziqarli loyihalar (viktorina, tanlov, intellektual o‘yinlar va bellashuvlar) orqali yoshlarning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini noan’anaviy usullarda tushuntirildi. Ikkinchi bosqichda korxona-tashkilot va muassasalarda, harbiy qism va jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarning huquqiy savodxonligi va elektoral madaniyatini oshirishga qaratilgan “Mening ovozim – mening kelajagim”, “Saylov – mening huquqiy” mavzularida davra suhbati, uchrashuv va huquqiy tadbirlar o‘tkazilib, yakunida onlayn viktorinalar tashkil etildi.

Uchinchi bosqichda esa mahallalardagi yoshlar yetakchilari, parlamentning ikkala palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari a’zolari, turli yo‘nalishlarda yutuqlarga erishgan va faol yoshlar ishtirokida yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarga bag‘ishlangan roliklar va videomateriallar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatilmoqda.

Shuningdek, yoshlarning saylov jarayonida ishtirokini muvofiqlashtirib borish yuzasidan respublika, hududiy va tuman (shahar) yoshlar shtablari tashkil etilib, kundalik targ‘ibot ishlari, xorijdagi yoshlar bilan onlayn muloqotlar hamda saylovga tayyorgarlik jarayonlari tizimli tashkil etilmoqda.

Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika bosqichlarida “Yoshlar va qonun”, “Yosh huquqshunos” tanlovlari o‘tkazilib, unda 400 mingdan ziyod yosh qamrab olindi.

Jazoni ijro etish muassasalarida ham huquqiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarning huquqiy savodxonligi hamda elektoral madaniyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy Majlis ikkala palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari birgalikda yoshlarning huquqiy savodxonligi va elektoral madaniyatini oshirishga qaratilgan “Mening ovozim – mening kelajagim”, “Mening tanlovim” mavzularida 810 marotaba huquqiy seminar va treninglar o‘tkazilib, ular orqali 147,4 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.

Bundan tashqari saylov jarayonlarida imkoniyati cheklangan yoki kasalmand ovoz beruvchilarga ko‘maklashish, xalqaro kuzatuvchilarga tarjimonlik qilish, referendum uchastkalarida tashkiliy jarayonlarga ko‘maklashish bo‘yicha hududlarda volontyor yoshlarni jalb etish choralari ko‘rilmoqda.

670 ming nafardan ziyod saylovda birinchi marotaba ishtirok etayotgan ovoz beruvchilar hamda faol yoshlarga saylov uchastkalarida yoshlar tashkilotlari va hududiy mutasaddilar tomonidan esdalik sovg‘alari, shuningdek saylov ramzi tushirilgan maxsus kiyimlar (futbolka, kepka, sharf) tarqatish rejalashtirilgan.

Gulnoza Boboyeva,

Doniyor Yoqubov(video), O‘zA