– Hovlidagi daraxtlarga kadastr qilish shartmi?

– Kadastr qilingan daraxtlarni imorat uchun ishlatsa bo‘ladimi?  

– Ko‘p yillik dov-daraxtlarning kadastri bo‘lsa, sotish, hadya qilish yoki meros qoldirish mumkinmi?  

Yurtdoshlarimizdan kelayotgan ushbu savollar yuzasidan Davlat kadastrlari palatasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Munojat Yo‘ldosheva bilan suhbatlashdik.

– Qay tartibda daraxtlarning kadastr pasporti shakllantiriladi?  

– O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 83-moddasiga asosan ko‘p yillik dov-daraxtlar ham ko‘chmas mulk toifasiga kiradi. Demak, dov-daraxtlarga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Ko‘p yillik daraxtlarga bog‘lar, tokzorlar, tutzorlar va boshqa o‘rmon daraxtlari kiradi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga o‘tganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat tomonidan tan olinganini bildiradi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini rasmiylashtirish va unga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentlarga asosan amalga oshiriladi. Yuridik va jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan ko‘p yillik daraxtlarga ko‘chmas mulkning bir turi sifatida kadastr yig‘majildi tayyorlanadi va natijalari bo‘yicha kadastr pasporti beriladi.

Kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonida bog‘lar, uzumzorlar, tutzorlar va boshqa o‘rmon daraxtlarining maydonida o‘lchov ishlari o‘tkaziladi va ko‘chatlarning soni aniqlanadi. Bog‘lardagi daraxtlar turlarga (olma, nok, shaftoli va boshqalar) ajratilmasdan, egallagan umumiy maydoni hamda soni aniqlanadi. Ko‘p yillik daraxtlarning kadastr ma’lumotlari yer uchastkasining kadastr ma’lumotlari bilan birgalikda ko‘rsatiladi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu ko‘p yillik daraxtlar joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi. Hozirgi kunda ko‘p yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini rasmiylashtirish va unga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kompozit tarzda amalga oshirilmoqda.

Ko‘p yillik daraxtlarning pasportini rasmiylashtirish va huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘p yillik daraxtlarning turi va soni hamda ular egallagan yer maydoni haqidagi ma’lumotlarni kiritishdan iborat bo‘ladi.

“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iborat.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqining yuzaga kelishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qishloq xo‘jaligi organlarining ko‘p yillik dov-daraxtlarni foydalanish uchun qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomasi, tugatish komissiyasining fuqarolarga fermer xo‘jaliklari tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (fermer xo‘jaliklarining) bog‘larini va tokzorlarini auksionda sotish to‘g‘risidagi bayonnomasi hamda tuman (shahar) hokimi va ijarachi o‘rtasidagi shartnoma, bog‘dorchilikka, uzumchilikka, ipakchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik tashkil etish uchun yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish to‘g‘risida tuman (shahar) hokimi va ijarachi o‘rtasidagi shartnoma, yer uchastkasini ko‘p yillik dov-daraxtlar ekish huquqini berish uchun uzoq muddatli ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomaga doir qo‘shimcha kelishuv, o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish to‘g‘risida davlat o‘rmon xo‘jaligini boshqarish organlari va ijarachi o‘rtasidagi shartnoma bo‘lishi kerak.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ko‘p yillik dov-daraxtlarning oldi-sotdisiga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, lizing to‘lovlari to‘liq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bilan notarial tartibda tasdiqlangan lizing shartnomasi, ko‘p yillik dov-daraxtlarni hadya etish to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, ko‘chmas mulkni ayirboshlash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma, meros qilib olish huquqi to‘g‘risidagi va er-xotinning umumiy mulkida bo‘lgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning tegishli qismiga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma, sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish chog‘ida ko‘chmas mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha auksion yakunlari to‘g‘risidagi bayonnoma, sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud ko‘p yillik dov-daraxtlarni berish to‘g‘risida undiruvchi va qarzdor o‘rtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma bo‘lishi zarur.

– Bu xizmatlar necha kunda amalga oshiriladi?  

– Bunda kadastr pasporti tayyorlash 5 ish kunida, huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 2 ish kunida amalga oshiriladi. Huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, kadastr pasportini tayyorlash  esa bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari va har 1 gektar dov-daraxtlar bilan egallangan yer uchastkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizini tashkil etadi.

– Hamma daraxtlarni ana shunday hujjatlashtirsa bo‘ladimi?  

– Yo‘q, barcha daraxtlarga kadastr pasporti shakllantirilmaydi. Xususan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq rasmiylashtirilmagan yerlarga ekilgan ko‘p yillik dov-daraxtlarga. Bundan o‘rmon fondining ijaraga olingan yerlariga ekilgan ko‘p yillik dov-daraxtlar mustasno.

Ko‘chatxonalardagi ko‘chatlar, yuridik shaxslarning balansida bo‘lmagan ko‘p yillik dov-daraxtlar, foydalanish uchun qabul qilinmagan ko‘p yillik dov-daraxtlar, ko‘p yillik butazorlar va rezavor o‘simliklar, o‘rmon xo‘jaliklarining va boshqa o‘rmon xo‘jaligi davlat korxonalarining, muassasalarining hamda tashkilotlarining balansidagi o‘rmonlar va ko‘p yillik dov-daraxtlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining ko‘p yillik dov-daraxtlari, aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan tashkilotlarning yerlarida ko‘kalamzorlashtirish maqsadida ekilgan ko‘p yillik dov-daraxtlar, uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalarida ijaraga beruvchining ruxsatisiz ekilgan ko‘p yillik dov-daraxtlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

– Bugungi kunga qadar qancha dov-daraxtlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga arizalar kelib tushgan va ularning qanchasi ro‘yxatdan o‘tkazildi?  

– Yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, bitta daraxt uchun alohida kadastr pasporti tayyorlanmaydi balki bog‘lar, tokzorlar, tutzorlar va boshqa o‘rmon daraxtlari egallagan yer maydoni bilan birga kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.

Shu kunga qadar respublikamiz viloyatlaridan 195 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 73 ta ko‘p yillik dov-daraxtlar bilan egallangan yer uchastkalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

– Dov-daraxtlarning kadastr pasportini shakllantirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish nima beradi?  

– Ko‘p yillik dov-daraxtlar ham ko‘chmas mulk hisoblanadi. Demak, ko‘chmas mulk bo‘yicha barcha harakatlarni amalga oshirishda, masalan sotishda, hadya qilishda, meros qoldirishda unga kadastr pasporti rasmiylashtirilgan va unga bo‘lgan huquq albatta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lishi shart. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq vujudga kelganidan keyin belgilangan muddatda (bir oy) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasligi jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

– Manzarali daraxtlarga kadastr pasporti shakllantirilmaydimi?  

– Shunday desak bo‘ladi, ya’ni aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan tashkilotlarning yerlarida ko‘kalamzorlashtirish maqsadida ekilgan ko‘p yillik dov-daraxtlar hamda foydalanish uchun qabul qilinmagan ko‘p yillik dov-daraxtlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA