Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yilning 20 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida xorij fondlarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosiga oid noyob kitoblarni olib kelish, qo‘lyozmalarni sotib olish va ko‘paytirish bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosi qanday kechayapti?
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan “Yevropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasi va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” innovatsion loyihasi muallifi Gulnoz Xalliyeva bilan shu xususda suhbatlashdik.
— Ayni paytda Shvetsiyadagi turkiy qo‘lyozmalarni o‘rganish maqsadida xizmat safarida bo‘lib turibsiz. Izlanishlar jarayoni qanday kechyapti?
—Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan innovatsion loyiha rejasi asosida Shvetsiyaga yetib keldim. Loyiha maqsadi Yevropaning yirik qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda muqobili mavjud bo‘lmagan qo‘lyozmalarimizni aniqlash, sohalar bo‘yicha tasniflash, tavsiflash va tadqiq qilishdan iborat.
Shu o‘tgan davr mobaynida Yevropaning Fransiya, Germaniya, Finlyandiya, Avstriya, Shveysariya, Vengriya kabi qator davlatlarning fondlaridan 93 ta noyob qo‘lyozma topildi, ayrimlari nashr qilindi.
Dastavval ilmiy izlanishlarimni Uppsala universiteti kutubxonasida turgan turkiy qo‘lyozmalarni o‘rganishdan boshladim. Kuzatishlarimiz asosida ushbu joydagi turkiy qo‘lyozmalar bo‘yicha 2 ta katalog yaratilgani aniqlandi. Birinchisi 1849 yilda shved sharqshunos olimi Karl Iogann Tornberg (Carl Johan Tornberg 1807-1877) tomonidan lotin tilida yaratilgan.
Ikkinchi katalog ikki jilddan iborat bo‘lib, Uppsala universiteti professori Karl Vilgelm Zettersten tomonidan yaratilgan. Ushbu katalogda ham arab, fors,turkiy qo‘lyozmalar tavsifi berilgan.
— Ushbu qo‘lyozmalar qanday topilgan?
— Hozirda Shvetsiyaning Lund universiteti kutubxonasida ishlayapman. Bu kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar hajmi 500 dan ortiq bo‘lib, mazkur fond shved diplomati va olimi Gunnar Jarring nomi bilan ataladi. Gunnar Jarring o‘z faoliyati davomida ko‘p qo‘lyozmalarni yig‘gan, mahalliy xalqdan sotib olgan. 1982 yilda barcha yig‘gan qo‘lyozmalarini Lund universiteti kutubxonasiga topshirgan. Ingliz tilida ushbu qo‘lyozmalar katalogini ham yaratgan, ammo nashr qilinmagan. Hozirda bu katalog-qo‘lyozma raqamlashtirilgan va kutubxona veb-sahifasiga joylashtirilgan.
—Qo‘lyozmalar foydalanishga yaroqlimi?
— Men ko‘rayotan turkiy qo‘lyozmalar, uyg‘ur qo‘lyozmalari deb atalgan. Aslida ular orasida nafaqat uyg‘ur, balki qozoq, turk, o‘zbek va boshqa tillardagi manbalar ham bor. Qo‘lyozmalar yaxshi, qoniqarli, yomon va qo‘llanishga yaroqsiz kabi to‘rt toifaga ajratilgan. Yomon va qo‘llanishga yaroqsiz belgisi ostidagi qo‘lyozmalar foydalanishga berilmaydi, ularni faqat pul to‘lab, raqamli variantiga buyurtma berish mumkin xolos. Men ko‘rgan yaxshi va qoniqarli belgili qo‘lyozmalardan ba’zilari ham ta’mirtalab ahvolda. Albatta, ularni ko‘rib juda achindim, avaylab varaqladim.
— Ko‘proq qaysi allomalarning qo‘lyozmalarini aniqladingiz?
—Hozirgacha bo‘lgan kuzatishlarimiz asosida Shvetsiyada 858 ta turkiy qo‘lyozma borligi aniqlandi. Agar takror nusxalar borligini hisobga olsak, 500 tadan ortiq. Ular turli davrlarga va turli sohalarga oid. Adabiyotshunos bo‘lganligim uchun albatta, birinchi navbatda adabiy asarlarga diqqatimni qaratdim. Ular orasida Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, So‘fi Olloyor, Mashrab kabi biz bilgan mashhur shoirlardan tashqari hali xalqimizga noma’lum bo‘lgan shoirlar, tarjimonlarning ham qo‘lyozmalari mavjud. Birgina Alisher Navoiy qo‘lyozmalarining o‘zi 25 tani tashkil etadi.
Biz tekshirgan kataloglarning so‘zboshida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu qo‘lyozmalar asosan shved missionerlari faoliyati davomida yig‘ilgan, sotib olingan va keyinchalik Lund va Uppsala universitetlari kutubxonasiga tuhfa qilingan. Qo‘lyozmalar orasida O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalar ham mavjud.
— Qo‘lyozmalarni yurtimizga qaytarish borasida ham takliflar bildirildimi?
—Shvetsiya va turkiy xalqlar davlatlari orasida avvaldan diplomatik, ijtimoiy-madaniy aloqalar bo‘lgani hammaga ma’lum. Ilmiy adabiyotlarda XVI asrdan boshlab shved olimlari turli sohalarda ilmiy madaniy aloqalar o‘rnatgani yoritilgan. Yaqindagina ushbu davlatda elchixonamiz ochilgani ilmiy, madaniy, diplomatik aloqalarga yanada keng yo‘l ochishga imkoniyat bo‘ldi.
Shvetsiya kutubxonalarida saqlanayotgan 800 dan ortiq noyob durdonalarimizni olimlar guruhi bilan kelib, avvalo to‘liq reyestrini tuzish, tavsifini yaratish, hammasini yaroqli holga keltirib ta’mirlash, iloji bo‘lsa yurtimizga qaytarish maqsad qilingan.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi. O‘zA