Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 11-12 iyul kunlari Litvada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etgach, Birlashgan Arab Amirliklariga ham tashrif buyuradi. Bu haqda respublika moliya vaziri Mehmet Shimshek ma’lum qildi.
– Hamkorlikka oid hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha texnik jihatdan sezilarli yutuqlarga erishdik, tez orada bu ishni nihoyasiga yetkazamiz, – dedi mulozim. – Shundan keyin davlatimiz rahbari BAAga yo‘l oladi.
“Anadolu” agentligi Shimshekdan iqtibos keltirishicha, tashrif davomida kelishuv hujjati imzolanishi mumkin.
– Hozircha tafsilotlarga to‘xtala olmayman, faqat shuni aytishim mumkinki, bu juda keng qamrovli hujjat, qo‘shimcha qildi u.
Vazir iyun oyida vitse-prezident Jevdat Yilmaz bilan birga BAAga borgani va safar “juda samarali bo‘lgani”ni eslatdi. O‘shanda turk delegatsiyasini mamlakat Prezidenti, shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon qabul qilgan.
Mehmonlar vitse-prezident va boshqa rasmiylar bilan ham muzokara o‘tkazib, iqtisodiy hamkorlik masalasini bafurja muhokama qilishgan.
O‘zA