Munosabat

So‘nggi yetti yilda barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani kabi aholi salomatligini asrash borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, bu borada byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar miqdori deyarli to‘rt barobarga oshirildi. Natijada, aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va yetkazib beriladigan dori-darmon vositalari soni sezilarli ravishda oshdi.

Xususan, ushbu yo‘nalishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish, sifatli psixiatriya yordami ko‘rsatishni tashkil etish, ruhiy holat buzilishining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash tizimini yanada rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar qilindi.

Jumladan, bu borada kadrlar masalasiga alohida e’tibor qartilib, “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantlari asosida magistraturaga qabul kvotalari oshirildi, oliy tibbiy ta’lim muassasalarining psixiatriya kafedralarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlari faollashdi. Ilk bor ruhiy xastaliklarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Joriy yil 19 iyun kuni qabul qilingan “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, aholiga o‘z vaqtida psixiatriya yordami ko‘rsatilishini tashkil etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Xususan, qaror bilan 2023 yil 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirildi.

Ushbu markazda ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktab shakllantiriladi. Shuningdek, markaz ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 avgustdan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining tuman (shahar) bo‘linmalari shtatlarini qisqartirish hisobidan tibbiy psixolog, ruhiy kasalliklar shifoxonalarida suitsidolog, qabul bo‘limlarida shifokor, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etiladi.

Hududlar darajasida bunday tor soha mutaxassislarining joriy qilinishi esa, o‘z navbatida ruhiy holat buzilishini tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inining o‘zida erta aniqlash va davolash choralarini ko‘rish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni klinik baholash, davolash va kuzatib borish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish va bilimlarini oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birgalikda, qaror bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilarda o‘zini- o‘zi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish bo‘yicha maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida yo‘lga qo‘yish ham belgilanmoqda.

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab tibbiyot xodimlarini “psixiatriya”, “sud psixiatriyasi”, “tibbiy psixologiya” va “narkologiya” yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish xarajatlari Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab esa “Psixiatriya”, “Tibbiy psixologiya” va “Narkologiya” klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklariga qabul faqat davlat granti asosida umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi hamda qabul ko‘rsatkichlari ushbu mutaxassisliklarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni o‘rganish asosida shakllantiriladi.

Eng muhim o‘zgartirishlardan yana biri 1 iyuldan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizga oshiriladi.

Umuman olganda, qarorda belgilangan vazifalarning soha va hayotimizga tatbiq etilishi, bugun jamiyatimizda ayrim holatlarda aholining, ayniqsa, balog‘at yoshidagi yoshlar bilan ro‘y berayotgan ko‘plab salbiy holatlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Oltinoy MAMIROVA,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.  

O‘zA