Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, soha faxriylari,talaba yoshlar ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan qutlab, so‘nggi yillarda yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, soha fidoyilarini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Soha xodimlarining mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yangilanishlarni, ayniqsa “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikga yetkazish, xalqimiz hayotida uchrayotgan masala va muammolarni o‘rganish hamda ularga ijobiy yechim topish yo‘lida amalga oshirayotgan ijodiy mehnatlaringizni yuqori baholanadi. Davlatimiz rahbarining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etilganidek, biz mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash masalasini inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz.

Bayram munosabati bilan bir guruh soha fidoyilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi unvonlari, ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA