Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Sana munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlarning vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, faxriy jurnalistlar, oliy o‘quv dargohlarining jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, yosh ijodkorlar taklif etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Yurtboshimizning “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni kasb bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Unga ko‘ra, bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva tantanali tadbirda ana shu mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda yurtimizda ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi. Milliy matbuotimiz va ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish, jurnalistlarning samarali ijod qilishi, so‘z erkinligini amalda ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bu borada mamlakatimizda yaratilgan milliy qonunchilik bazasi doimiy takomillashtirilmoqda. Jurnalistlarning erkin va hech qanday moneliklarsiz ma’lumot olishi, xolis va haqqoniy, tezkor axborot tarqatishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar ko‘lami tobora kengayib borayotgani e’tiborlidir.

Milliy jurnalistikaga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida sohaga raqamli va ilg‘or texnologiyalar jadal joriy etilmoqda. Mamlakatimizda media tuzilmalar uchun yuqori bilim va salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash, ularni qayta o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jurnalistlarning xorijiy hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishi, jahon media tuzilmalarining ilg‘or faoliyat amaliyotini o‘z ishiga joriy etish borasida ko‘plab sa’y-harakatlar amaliyotga joriy etilmoqda.

Milliy jurnalistika rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor natijasida yurtimiz va jahonda ro‘y berayotgan vaziyatlarga nisbatan tezkor, xolis va haqqoniy jamoatchilik fikri shakllanib bormoqda. Mamlakatimizda turli muammolar haqida xalqimiz, eng avvalo, mutasaddilar, tegishli tashkilotlar o‘z vaqtida xabardor bo‘lmoqda. Mavjud dolzarb masalalarga oqilona yechim topilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston jahon matbuoti erkinligi indeksida so‘nggi 7 yilda 29 pog‘onaga yuqoriladi. Shu bilan birga mamlakatimizda rasman ro‘yxatdan o‘tgan bosma, elektron, internet ommaviy axborot vositalari soni sezilarli darajada ortdi. Bir so‘z bilan aytganda yangilanayotgan, O‘zbekiston jurnalistikasining yangi qiyofasi shakllanmoqda.

Jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar avvaldan aytib bo‘lmas darajada shiddat bilan o‘zgarib borayotgan murakkab bir davrda yanada ogoh va mas’uliyatli, ro‘y berayotgan jarayonlarga nisbatan barchamizning xolis bo‘lmog‘imiz zamon talabiga aylandi.

– Bugun dunyoda ro‘y berayotgan turli tahdidlarga qarshi tura oladigan, o‘z so‘zini ayta oladigan jurnalistlar jamiyatga juda ham kerak, – dedi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, “Guliston” va “Teatr” jurnallari bo‘lim muharriri O‘ktam Mirzayorov. – Jamiyatda kechayotgan voqea va hodisalarga eng birinchi bahoni jurnalist beradi. Jurnalist – jamiyatning yuzi, ko‘zi, vijdoni. Biz – jurnalistlarning erkin va samarali ijod qilishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Istardimki, jurnalistlarning ham jamiyat oldida yuzi doim yorug‘ bo‘lsin.

San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov ishtirok etdi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri