Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbir bo‘lib o‘tdi.
Boshqarma boshlig‘i A.Yuldashov ta’kidlaganidek, mamlakatimizda izchillik bilan olib borilayotgan sud-huquq islohotlari, siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangiliklar, tadbirkorlikning huquqiy himoyasi yuzasidan qonunchilikdagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni keng jamoatchilikka yetkazishda va ularning ijrosini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari yetakchi kuch sanaladi. Davlatimiz rahbari soha xodimlariga biz ommaviy axborot vositalari xodimlari timsolida o‘zining chuqur bilim va tajribasi, noyob iste’dod va mahoratini xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, global axborot makonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishdek oliyjanob ishlarga bag‘ishlagan jonkuyar va zahmatkash insonlarni ko‘ramiz, deya yuksak baho berdi.
Tadbirda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonun buzilish holatlariga qarshi murosasiz kurashish, davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, har qanday sohada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalarining bir guruh xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri