Xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi har qanday saylovni ochiq, demokratik tarzda, xalqaro talablarga muvofiq o‘tkazishning muhim omilidir.
Fuqarolar saylov orqali jamiyat va davlat ishida bevosita ishtirok etadilar, davlat idoralari demokratik yo‘llar bilan shakllanishiga hissa qo‘shib, o‘z hohish-irodasini erkin bildiradilar.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muddatidan oldingi Prezident saylovini kuzatish uchun tashrif buyurgan missiyasi oraliq ma’ruzasida ayni jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasi 107 nafar xalqaro kuzatuvchini ro‘yxatga olgan. Bo‘lajak prezident saylovini demokratik tamoyillar – erkin, odil, milliy va umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq tarzda, yuksak tashkiliy-huquqiy darajada o‘tkazish uchun huquqiy asos, zarur sharoit yaratilgan.
Saylov qonunchiligi va amaliyotini umumiy qabul qilingan xalqaro demokratik standartga muvofiqlashtirish orqali fuqarolarning saylov huquqini yanada keng va har tomonlama ta’minlash mumkin. Shu bois, xalqaro kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalari mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligiga muntazam joriy qilinmoqda.
O‘zA