Xabaringiz bor, 2023 yil 30 aprelda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi amalga kiritildi. Mazkur kodeksda ba’zi bir toifa xodimlarini ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatishga cheklovlar qo‘yilgan. Shulardan biri Mehnat nizolari komissiyasi a’zolaridir. Yangi Mehnat kodeksining 547-moddasiga ko‘ra, Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan har bir tarafdan vakillar soni teng bo‘lgan holda, teng huquqlilik asosida tuziladi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, Mehnat nizolari komissiyasi a’zolari o‘zi kimlar?
Ular ish beruvchining vakillaridan (u o‘rinbosar, kadrlar xizmati xodimi, yurist va hokazo bo‘lishi mumkin) va kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolaridan iborat bo‘lishi mumkin.
Mehnat nizolari komissiyasining asosiy vakolatlari bevosita faqat sud tomonidan ko‘riladigan mehnat nizolaridan tashqari ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib qaror chiqarishdan iborat. Ya’ni, Mehnat nizolari komissiyasi ham mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi organ bo‘lib, uni tuzish yoki tuzmaslik masalasi jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan hal qilinadi.
Yangi Mehnat kodeksining 557-moddasi 1-qismida: “Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning a’zolari bo‘lgan xodimlarga nisbatan ular o‘z vakolatlarini amalga oshirayotgan davrda tarif stavkasini (maoshni) pasaytirishga va ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan hollar mustasno”, deb belgilangan.
Demak, ish beruvchi tashabbusi bilan bog‘liq ishdan bo‘shatishlar, ya’ni qisqartirish, malakasiga ko‘ra lavozimiga nomuvofiqligi, mehnat majburiyatlarini muntazam yoki bir marta qo‘pol buzganligi kabi vajlar bilan bo‘shatishlarda (korxona yoki alohida bo‘linmasini tugatish holati bundan mustasno) agar xodim Mehnat nizolari komissiyasi a’zosi bo‘lsa ehtiyot bo‘lish kerak. Agar xodim komissiya a’zosi bo‘lib, mehnat nizolari komissiyasi vakolatini amalga oshirayotgan davrda bo‘lsa, yuqoridagi asoslar bilan ularni ishdan bo‘shatish mumkin emas.
I.Qahhorova, xuquqshunos
O‘zA