Istanbul shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston – Turkiya munosabatlariga bag‘ishlangan ushbu tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi direktori Akkan Suver, O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsuli, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” ekspertlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik hamda siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalarda hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Ikki tomonlama samarali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Bu davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning natijasi ekani qayd etildi.
Xususan, Eldor Tulyakov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatning mazmun-mohiyati haqida gapirdi. Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalariga ham to‘xtaldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, ijtimoiy hamda boshqa sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini yana bir bor muhokama qildi. Birgalikda hamkorlikning yangi qirralaridan samarali foydalanishga kelishib olindi.
O‘zA