Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postiga press-tur va tizimda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar boshqarma binosida joylashgan “MED” bojxona posti ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlarining tashkil etilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ortiqcha vaqt va xarajatlarining sarflanishiga batamom nuqta qo‘yib, oraliqdan turib zamon talablariga mos elektron ravishda bojxona rasmiylashtiruvining amalga oshirilishiga zamin yaratmoqda.

Ahamiyatlisi, bojxona organlarida joriy etilgan xavfni boshqarish tizimi yordamida bojxona yuk deklaratsiyalari xavflilik darajasiga qarab, “qizil”, “sariq” va “yashil” yo‘laklarga ajratildi. Bu esa halol tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llaniladigan “yashil” yo‘laklarda bojxona ko‘rigining amalga oshirilmasligi, “sariq” yo‘lakka tizim yordamida avtomatik ravishda yo‘naltirilgan deklaratsiyalar esa soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi, faqatgina “qizil” yo‘lakdagi yuklargagina bojxona ko‘rigining tatbiq etilishi tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi halol tadbirkorlik sub’ektlarining vaqt va ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olib, xalqaro tashuvlarning tez va samarali amalga oshishiga zamin yaratmoqda.

Joriy yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti tomonidan rasmiylashtirilgan 7830 bojxona yuk deklaratsiyasi uchun sarflangan vaqt hajmi tahlil qilinganda, bir dona eksport deklaratsiyasi uchun o‘rta hisobda “yashil” yo‘lakda 17 daqiqa-yu 40 soniya, importda esa xuddi shu toifadagi deklaratsiya uchun olib kirilayotgan tovarlar xususiyatlari, turi va miqdoridan kelib chiqib, 50 daqiqa-yu 24 soniyada rasmiylashtirilganligini qayd etish lozim.

Shundan keyin ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun boshqarma faoliyati, asosiy ko‘rsatkichlari va kelgusidagi rejalari bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etilib, “to‘rtinchi hokimiyat” vakillarining sohaga oid barcha qiziqtirgan savollariga javob berildi.

Tadbir yakunida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha faoliyatini keng yoritishda hamkorlik qilayotgan bir guruh jurnalist va blogerlar taqdirlandi. Ularga boshqarma nomidan “Tashakkurnoma” e’lon qilinib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA