Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari X.Mamatov jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar xususida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, MSKga kelib tushayotgan murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va Kotibiyatning tegishli bo‘limlari mas’ul xodimlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda, o‘z vaqtida javob qaytarilmoqda. Biror-bir murojaat e’tibordan chetda qoldirilmayotgani, o‘z vaqtida javob berilayotgani alohida qayd etildi. Shundan kelib chiqib, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ko‘rilgan choralar komissiya a’zolari tomonidan muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Saylovning ochiq, oshkora hamda adolatli o‘tishida xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim. Majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan MDH, MDH PA, SHHT hamda Germaniya, Ispaniya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlardan jami 124 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 301 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 1 ming 155 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, majlis davomida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan 1-Qoraqalpog‘iston, 4-Jizzax hamda 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA