Bugun, 23 iyun kuni Tailandda davom etayotgan U-17 Osiyo kubogining uchinchi turida terma jamoamiz Vetnamga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da Bangkokdagi “Tammasat” stadionida boshlanadi.
O‘smirlarmiz Osiyo kubogining ilk turida Yaponiya termasiga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang qayd etgandi. Ikkinchi turda Hindistonni 1:0 hisobida mag‘lub etgan hamyurtlarimiz hozirda 4 ochko bilan “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Guruhda hamyurtlarimiz bilan bir xil ochko jamg‘argan, ammo to‘plar nisbatiga ko‘ra, bir oz ustunlikka ega Yaponiya yetakchilik qilmoqda.
Bugun shuningdek, Yaponiya-Hindiston jamoalari 3-tur o‘yinlarida ro‘baro‘ keladi. Guruhda bir ochkoga ega Vetnam va Hindiston jamoalari uchun ushbu tur o‘yini Osiyo kubogining so‘nggi o‘yini bo‘lishi ehtimoli yuqori. Ammo har ikki jamoa keyingi bosqichga chiqishi uchun raqiblarini katta farq bilan mag‘lub etish talab etiladi. Vetnamliklarning 20 iyun kuni o‘tgan 2-turda Yaponiyadan 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lishi, hamyurtlarimiz hindlarni 1:0 ko‘rinishida dog‘da qoldirgani guruhda kunchiqar yurt vakillari bilan terma jamoamiz a’zolarining keyingi bosqichga chiqish imkoniyati yuqori ekanini anglatmoqda. Biroq, barchasiga bugungi o‘yinlar oydinlik kiritishini nazarda tutgan holda omad o‘smir futbolchilarimiz tomonida bo‘lishini istab qolamiz. Zero, futbolda ayrim hollarda kuchlilar emas, omadlilar muvaffaqiyatga erishayotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.
Eslatib o‘tamiz, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Tailandda o‘tayotgan qit’a kubogida 16 jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda. 2 iyulgacha davom etadigan qit’a kubogida eng yaxshi natijaga erishgan 4 ta jamoa joriy yilning noyabr oyida bo‘ladigan U-17 jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA