O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Markaziy Osiyo ochiq chempionatiga start berildi. Chempionat doirasida tantanali ochilish marosimi ham tashkil etildi.

Unda Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga omad tiladi. Ushbu chempionat 24 iyungacha davom etadi.

Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Tojikiston, Eron va Qozog‘iston davlatidan 100 ga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Musobaqaning ilk kunida qizlar 45 va 49, o‘g‘il bolalar 49 va 55 kilogramm og‘irlikdagi vazn toifasida kuch sinashadi.

Musobaqa doirasida malakali murabbiy va hakamlar uchun Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Og‘ir atletika federatsiyalari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Og‘ir atletika federatsiyasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti vakillari, universitet prorektorlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, Markaziy Osiyo, shuningdek, Turkiya, Eron, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlar va respublikamizdagi ushbu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar qatnashdi.

Konferensiya davomida bir qator xalqaro va mahalliy mutaxassislar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan og‘ir atletika sport turidagi eng dolzarb masalalar mavzularida taqdimotlar o‘tkazildi.

Shu bilan birga, ushbu sport turida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar tahlili yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi. Yakunda esa konferensiya ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.

A.Musayev,O‘zA