Bugun, 22 iyun kuni Chirchiq shahrida 17 yoshgacha bo‘lgan og‘ir atletikachilar o‘rtasida Markaziy Osiyo ochiq chempionati boshlandi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Tojikiston, Eron va Qozog‘iston davlatidan 100 ga yaqin sportchi ishtirok etayotgan chempionatning ilk kunida o‘smir qizlar 45 va 49 kilogrammda, o‘g‘il bolalar 49, 55 kilo og‘irlikda kuch sinashadi.

Kecha Markaziy Osiyo ochiq chempionati boshlanishi oldidan mandat komissiyasining yig‘ilishi, murabbiylar uchun og‘ir atletika sport turining istiqbollari, mashg‘ulot jarayonlarida qo‘llaniladigan texnik yangiliklar xususida seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari uchun yosh atletlarning xalqaro maydondagi tajribasini oshirishga hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash maqsadlariga xizmat qiladigan chempionat bahslari 24 iyunga qadar davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA